-
Нет Отзывов
-
В избранные
Turistlar oqimi tobora oshayotgani aviatsiya va temir yo‘lda yo‘lovchi tashish quvvatini 2 barobar ko‘paytirishni taqozo etmoqda. Shu bois, 2026-yilda aviaparkdagi havo kemalarining soni 120 taga yetkaziladi.
Mahalliy aviaqatnovlarni oshirish uchun subsidiyalashning yangi tizimi joriy etiladi. Endi narxidan qat’i nazar, sotilgan har bir chipta uchun aniq miqdorda subsidiya ajratiladi. Bu chipta narxini pasaytirish va talabni oshirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, yangi samolyotlar uchun uchuvchilar, ularga texnik xizmat ko‘rsatuvchilar, aeroportlar uchun servis va boshqaruv sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida Fuqaro aviatsiyasi universiteti tashkil etiladi.
Ichki temir yo‘llarni rivojlantirish bo‘yicha besh yillik dastur qabul qilinadi. Shaharlarni tezyurar poyezdlar qatnovi bilan bog‘lash uchun 2026-yildan yana 500 kilometr temir yo‘l qurilishi boshlanadi.
Kelgusi yili 110 kilometr temir yo‘l tarmog‘i qurilib, Bo‘ka, Piskent, Bekobod, Boyovut tumanlari hamda Nurafshon shahri poytaxt bilan bog‘lanadi. “Toshkent – Samarqand” yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanadigan yo‘lovchi poyezdlar uchun yangi temir yo‘l liniyasini qurish boshlanadi.
Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Navoiydagi vokzallar ham xususiy sheriklik uchun beriladi.
Joriy yilning o‘zida xizmatlar hajmi qariyb 15 foizga o‘sib, 82 milliard dollarga yetdi.
Xizmatlarga bo‘lgan talabni rag‘batlantirish uchun 2026-yilda sohaga 85 trillion so‘m kredit, 9 trillion so‘m subsidiya ajratiladi. Xususan, ta’lim xizmatlari uchun budjetdan 7 trillion so‘m beriladi.
Keyingi besh yilda xorijiy turistlar sonini 2 karra oshirish, turizm xizmatlari hajmini esa 20 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha katta marra olinmoqda. Shu maqsadda turizm infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Samarqandda Bibixonim, Registon majmualari, Amir Temur maqbarasi, Ulug‘bek rasadxonasi, Shohi Zinda va Afrosiyob muzeyini bir-biri bilan bog‘laydigan zamonaviy yo‘lak va ko‘priklar barpo etiladi.
Shahrisabzda G‘elon yirik turistik majmuasining birinchi bosqichi ishga tushiriladi. Pop tumanida Arashan tog‘ dam olish turistik zonasi tashkil etiladi.
Xivadagi Ichanqal’a immersiv, ya’ni jonli va “aqlli” muzey-shaharga aylantiriladi.
Xorazm va Qoraqalpog‘istondagi arxeologik yodgorliklar bo‘ylab yirik turizm halqasi tashkil etiladi.
Shuningdek, yangi yilda tadbirkorlar tomonidan 4 milliard dollarlik 3,5 mingdan ziyod yangi servis obyektlari ishga tushiriladi.
Turizm maskanlarini tashkil qilish uchun kelgusi uch yilda 5 ming gektar yer auksionga chiqariladi.
Bundan tashqari, 2026-yildan “O‘zbekiston merosi mehmonxonalari” dasturi boshlanadi.
Madaniy meros obyektlarida xususiy sheriklik asosida “butik mehmonxona” tashkil qilish uchun nufuzli mehmonxona tarmoqlari olib kelinadi. Dastur ishtirokchilariga yer, mulk, foyda soliqlari va bojxona to‘lovidan imtiyoz beriladi.
Mana shu ishlar hisobiga 2026-yilda xizmatlar bozori 100 milliard dollardan oshiriladi.
(https://president.uz/oz/lists/view/8834)
Russian